O'qildi: 18
Sentabr 17, 2025
/ 25 Rabiul-avval 1447
Fatvo mavzusi: Qurʼon tilovati odoblari
Savol
Qur’onni tag’anniy qilishning mashru’ ekanini ko‘rsatuvchi hadislar borligini eshitdim. Bu hadislarni qanday tushunishimiz kerak?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Qiroatda ovozni kelishtirish quyidagilarni anglatadi:
1. Qiroatda ovozni yaxshilash, uni ovoz chiqarib, xokisorlik, muloyimlik va mahzunlik bilan, haddan oshmasdan va mubolag‘a qilmasdan o‘qish.
Tag’anniy degani – ovoz chiqarib o‘qish ma’nosidadir, sahih hadisda:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh hech narsani Qur’onni ovoz chiqarib tag’anniy qilayotgan Nabiyni tinglaganidek tinglagan emas», dedilar» (Sahihi Muslim, 792).
Hadisdagi «azina» so‘zi «izn» (ruxsat) so‘zidan kelib chiqqan. Boshqa rivoyatda «كَإِذْنِهِ» (izn berganidek) deyilgan. Bu hadisda tilovatda ovozni go‘zallashtirishga amr va targ‘ib qilingan.
Bu hadis tag’anniy ma’nosini aniq ifodalaydigan dalildir, hadisning oxiridagi (يَجْهَرُ بِهِ) «ovoz chiqarib» iborasi buni yanada oydinlashtiradi. «Jahr» kalimasi arab tilida – qiroat paytida ovozni ko‘tarish va uni tabiiy ravishda go‘zallashtirish va sun’iylikdan chetlanishdir. Qur’onni ovoz chiqarib, ruhlanib o‘qish. Qur’on nozil bo‘lishidan oldin arablar tuyaga minib safarga chiqqanlarida, hovlilarida o‘tirganlarida va boshqa paytlarda hido (tuyalarni haydash qo‘shig‘i) bilan tag’anniy qilardilar.
Qachon-ki Qur’oni Karim nozil bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lishlarini, uni baland ovozda o‘qishlarini, qiroatlarini go‘zal qilishlarini va uni qo‘shiq o‘rniga Qur’onni tagʻanniy qilishlarini istadilar. Albatta, to‘g‘ri qiroatga rioya qilgan holda.
Shunda ular qo‘shiqning zavqini Qur’onning zavqi bilan almashtirdilar, xuddi harom narsalarni o‘zlari uchun yaxshiroq bo‘lgan narsalar bilan almashtirganlari kabi, masalan, kamon o‘qlari bilan fol ochish o‘rniga istixora qilish, zino o‘rniga nikoh va hokazo.
2. Tagʻanniy soʻzidan zavqlanish va boshqalarning e’tiborini tortish kabi narsalarni tushunish mumkin. Lekin bu Qiyomat alomatlari haqidagi hadisda kelganidek, tafakkur qilmay, foyda olmasdan va xushu’siz boʻladi.
3. Tagʻanniy soʻzidan Qurʻon bilan istig’no qilish, ya’ni odamlardan behojat boʻlish ma’nosini tushunish uzoq ehtimol, chunki ma’no toʻgʻri kelmaydi va bu lug‘at jihatdan ham nomuvofiq.
Qiroatda tagʻanniy qilish haqiqiy va tabiiy bo‘lishi kerak, qoʻshiq aytish, kuylash qoidalariga binoan o‘rgatilmasligi va mashq qilinmasligi lozim.
Ibn Qayyim Qur’onni ohang bilan, tagʻanniy qilib o‘qish, agar u tabiiy ravishda, ortiqcha urinishsiz yoki maxsus ta’limsiz bo‘lsa, joizligini aytgan. Garchi tabiiy ohangga uni yanada go‘zalroq qilish uchun qo‘shimcha harakat qilinsa ham zarari yo‘q. Bunga dalil:
Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi mening Qur’on qiroatimni tingladilar. Tong otgach, u zot: «Ey Abu Muso, kecha sening qiroatingni eshitdim. Senga Dovud alayhissalom xonadonining naylaridan biri ato etilgan ekan», dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, agar (eshitayotganingizni) bilganimda edi, (uni sizga) yanada chiroyliroq qilib o‘qib berardim» dedim» (Sahihi Ibn Hibbon, 7197; Hadis hukmi: «Muslimning shartiga koʻra sahih». Manba: «Shuayb Arnaut taxriji»).
Demak, buning zarari yo‘q. Ammo tag’anniy san’at, amaliyot va ritm bo‘lsa, salaflar buni yoqtirmasdan, tanqid qilib, qoralaganlar. Ma’lumki, salaflar Qur’onni mahzunlik va nafislik bilan, ba’zan hissiyot, ba’zan sog‘inch, ba’zan xursandchilik bilan ovozlarini go‘zal qilib o‘qiganlar va bu inson tabiatiga munosib xususiyatdir.
Qiroat paytida tagʻanniy qilish ma’nosiga oid ko‘rsatmalar:
A) Biz aytamizki: qiyomat alomatlari hadisi (turli rivoyat yo‘llari bilan) va Imom Molikning fatvosining haqligiga shubha yo‘q. Bu fatvoda aytilishicha, Qur’onni musiqiy ohangda va musiqa qoidalariga bo‘ysungan holda o‘qish man etilgan. Bunday o‘qish qiroat va to‘g‘ri talaffuz chegaralaridan chiqib ketadi hamda Qur’onning ulug‘vorligiga mos kelmaydi. Buning haromligida hech qanday xilof yo‘q.
B) Anas va Abu Zarr roziyallohu anhumo va boshqalarning hadislariga kelsak, bu hadislar xavorijlarning qiroatini tasvirlaydi. Ular kecha-yu kunduz Qur’on o‘qisalar-da, ochiq-oydin sunnatdan bexabar bo‘lganlari uchun Qur’on halqumlaridan nariga o‘tmas edi. Shu bois ular Qur’onni tushunishdan va uni o‘qish savobidan mahrum edilar. Hadislarda ularning kamondan o‘q chiqib ketganidek dindan chiqib ketishlari aytilgan. Ularni o‘ldirish buyurilgan va ular maxluqotlarning eng yomoni ekanliklari xabar berilgan. Siz ularning namozi oldida oʻz namozingizni, ularning qiroati oldida oʻz qiroatingizni arzimas sanaysiz. Bu xavorijlar va ularga o‘xshaganlarning tavsifidir. Ibn Taymiyya aytadi: «Xavorijlar haqidagi hadis o‘nta turli isnod bilan sahih hisoblanib, ularni Muslim o‘zining «Sahih» kitobida, ba’zilarini esa Buxoriy rivoyat qilgan. Xavorijlar musulmonlarni oddiy gunohlar uchun kofirlikda ayblashar edi, ammo aslida ular bid’at, noto‘g‘ri ta’vil va ahli sunna val jamoadan ajragan kishilar boʻlgan. Allohdan dinda va dunyoda mag‘firat va ofiyat so‘raymiz». Bu xavorijlar va ularga o‘xshaganlarga xos sifatdir. Bilishimizcha, bugungi qorilar ular qatoriga kirmaydi.
C) Imom Ahmadning fatvosi harflarning o‘zgarishi va cho‘zilishi natijasida ortiqcha harflar va harakatlar paydo bo‘lishi hamda ularning to‘g‘ri qiroatdan chetga chiqishi bilan bog‘liq. Bu fatvoda makruhlik darajasi oshirib yuborilgan. Qozi Abu Ya’lo aytganidek, u adoni buzgan va oʻzidan harf qo‘shgan kishilarga tegishli, «muhammad» so‘ziga «vov» va «alif» qo‘shib, «muvhaamad» deb talaffuz qilish kabi. Bunday qilish ulamolar ittifoqi bilan haromdir. Imom Ahmad zamonida odamlar she’rni ohang bilan o‘qir, harflarni xohlaganlaricha cho‘zardilar. Shuning uchun Is’hoq al-Mavsiliy Ibrohim ibn al-Mahdiyni bu harakati uchun tanqid qilardi, chunki u so‘zlarning arabcha talaffuzini o‘zgartirib yuborar edi. Bu tanqidni Qur’onni tagʻanniy qilish masalasida qoʻllash yanada vojibroqdir. Allohga hamd bo‘lsin, bizning zamonamizda bunday holatlar yo‘q.
D) Ibn Taymiya aytdi: Ulamolar Qur’on o‘qishda makruh deb bilgan ohanglar
– cho‘ziq harflarni qisqartirish,
– qisqa harflarni cho‘zish,
– sukunli harflarni harakatlantirish va
– harakatli harflarni sukunli qilishni talab qiladigan kabi ohanglardir. Ular buni qo‘shiq va kuylarning ohanglariga oʻxshatish uchun qilishadi. Agar buning natijasida Qur’onning tartibi o‘zgarib, harakatlar harflarga aylanib ketsa, u holda bunday qilish haromdir.
Taqiqlash va ruxsat berish dalillari o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q. To‘g‘ri qiroat talablaridan chetga chiqadigan har qanday holat, xoh u qo‘shish yoki tashlab ketish bo‘lsin, lozim yoki vojib hukmni buzish yoki adodagi mutavotir qoidalarga xilof qilish (ya’ni qiroatning belgilangan uslubidan chetga chiqish) bo‘lsin, bularning barchasi haromdir.
Shuningdek, musiqa qoidalariga muvofiq qiroat qilish man etiladi, garchi musiqa asboblarisiz bo‘lsa ham. Qiroat paytida ovozni oʻynatish yoki titratish, ovozning baland-pastini sun’iy ravishda, ortiqcha tarzda o‘zgartirish yoki tarannum qilish, shuningdek, tilovat paytida qorining ongidagi ma’lum bir musiqiy ohang yoki maxsus maqomga moslab ovozni kuyga solish ham haromdir.
Ruxsat etilgan holat esa qiroatning to‘g‘riligini saqlagan holda ovozni yaxshilashdir.
Agar «lahn» deganda qo‘shish yoki kamaytirish, yoki qiroatdagi mutavotir qoidalarga xilof qilish nazarda tutilsa, bu harom lahndir. Agar u bilan qiroatni kelishtirish, tinglovchini ruhlantirish, ta’sirlantirish, yumshatish, tafakkur va xushu’ bilan jalb qilish nazarda tutilsa, bu mustahabdir, mazmunni yoki so‘zlarning talaffuzini o‘zgartirmaslik va musiqiy qoidalarga ergashmaslik sharti bilan.
Suyutiy aytdi: Qur’onni ohanglar, chiroyli ovozlar va takrorlar bilan o‘qish, agar umumiy qabul qilingan shaklidan chiqmasa, yaxshi sunnatdir, agar chiqsa, harom va nomaqbuldir.
«Sharhur risola»da aytadi: Ulamolar so‘zlaridan xulosa qilish mumkinki, ovozni chiroyli qilish, musiqa qoidalariga e’tibor qaratish va qiroat qoidalariga amal qilish masalasi olimlar o‘rtasida bahsli mavzu hisoblanadi.
Ba’zi ulamolar bu salaflar yo‘liga zid, deb aytishgan. Chunki o‘quvchi to‘g‘ri qiroat qilishni e’tiborsiz qoldirishi mumkin. Shu sababli, ular haromga olib boruvchi vositalarning oldini olish maqsadida bunga ruxsat berilmagan, deb hisoblashgan.
Biroq, musiqa qoidalariga e’tibor bermasdan, Qur’onni chiroyli ovozda o‘qish talab etiladi va bu masalada hech qanday ixtilof yo‘q.
Ibn Qudoma shunday deydi: Ulamolar Qur’onni mahzun ohangda, tartil va yoqimli ovozda o‘qish mustahab ekanligiga ijmo‘ qilishgan.
Men aytamanki: bu Burayda rivoyat qilgan hadisdan olingan: «Qur’onni mahzun ohangda o‘qinglar, chunki u g‘amginlik bilan nozil qilingan». Shuningdek, Ibn Abbos rivoyat qilgan hadisda: «Qur’on o‘qishda odamlarning eng afzali uni mahzun ohangda o‘qiydigan kishidir» deyilgan. Ammo bu hadislarning ikkisi ham zaif bo‘lib, birinchisi juda zaifdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?