O'qildi: 52
Iyul 7, 2025
/ 22 Safar 1447
Fatvo mavzusi: Emizish » Fiqh » Fiqh asoslari
Savol
Men amakimning qiziga uylanmoqchiman, chunki men uni yaxshi koʻraman, u ham menga befarq emas. Lekin muammo shundaki, uning onasi chaqaloqligimda meni emizgan. Biz undan necha marta emizganini so‘raganimizda, u ancha vaqt o‘tgani uchun aniq eslay olmasligini aytdi. Bunday vaziyatda amakimning qiziga uylanishim joizmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Emizish tufayli nikohning harom bo‘lishi uchun ikki shart mavjud:
Birinchi shart: Emizishlar soni beshta yoki undan ko‘p bo‘lishi lozim. Bunga Oisha roziyallohu anhoning quyidagi hadisi dalil boʻladi:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Qur’onda nozil qilingan oyatlar ichida «O‘nta aniq emizish bilan mahram bo‘ladi» ham bor edi. Keyin u «Beshta aniq…» oyati bilan nasx qilindi» (Sahihi Muslim, 1452).
Ikkinchi shart: Bu ikki yosh davomida (ya’ni bola hayotining dastlabki ikki yilida) bo‘lishi kerak.
Abdulloh ibn Zubayr aytadilarki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: «Ichaklarni to‘ydiradigan emizishdan boshqasi emizish hisoblanmaydi» (Ibn Moja, 1946; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihul Jome’», 7495).
Imom Buxoriy o‘zining sahihida:
«Ikki yildan so‘ng emizish yo‘q», degan kishi haqida» deb nomlangan bob keltirib, unda Alloh taoloning «Kim emizishni tugal qilishni istasa, to‘liq ikki yil (emizadi)» (Baqara: 233) oyatini zikr qilgan.
Emizishning ta’rifi: bola ko‘krakni og‘ziga olib, undan sut emadi, so‘ngra nafas olish, boshqa koʻkrakka oʻtish yoki boshqa sababga ko‘ra o‘z ixtiyori bilan uni qo‘yib yuboradi. Agar shunday bo‘lsa, emizishga oid hukmlar, jumladan nikohning haromligi va boshqa hukmlar kuchga kiradi.
Emizishlar miqdorida shubha bo‘lgan taqdirda Ibn Qudoma rahimahulloh shunday degan: «Agar emizish bo‘lgan-bo‘lmagani yoki emizishlar miqdori va bolani qarindosh (mahram) qilish uchun kifoya qilgan-qilmagani haqida biror shubha bo‘lsa, u holda haromlik sobit bo‘lmaydi. Chunki asl hukm harom emasligidir. Biz shubha tufayli aniq narsani tark etmaymiz» («Mug‘niy», 11/312).
Shundan kelib chiqib, agar emizish tufayli nikohning haromligi aniq bo‘lmasa, nikoh joizdir.
Ey savol beruvchi, sizga eslatib o‘tmoqchimanki, shariat bizni qayerga boshlamasin, unga ergashishimiz shart. Havoyi nafsimiz va his-tuyg‘ularimiz haqqa ergashishdan to‘sib qo‘ymasligi lozim. Musulmon kishi iffatli bo‘lishi, ishqiy munosabatlardan o‘zini tiyishi va Islom shariatiga muvofiq nikoh bogʻlab, o‘z iffatini saqlashga intilishi kerak.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?