-
Barcha hamdu sanolar duogo‘y bandalarining duolarini ijobat qiluvchi Alloh taologa xosdir. U Zotning bandasi va U Zotga eng chiroyli duolar qilgan Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin. Qo‘lingizdagi ushbu kitobcha qisqa va hikmatli duolar jamlanmasidir. Unda yeru-osmonning Rabbiga iltijo qilish uchun oyatlardan tanlangan, rivoyatlardan jamlangan, avloviyotga e’tibor qaratilgan duolar mavjud. Buni musulmon birodarlarim uchun hozirladim va Alloh taolodan foydali qilishini so‘rayman. Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, kishi hokisorlik, siniqlik, o‘zini past olib, maxfiy holda va Alloh taologa sano aytib, U Zotning ne’matlarini tan olib, gunohlarga iqror bo‘lib, qat’iyatni jamlab hamda butun qalbi bilan hamma narsani unutib duo qilar ekan, bunday duo ijobat bo‘lishga loyiqdir. Alloh eshitguvchi va bilguvchidir! [Shayx Muhammad Solih]