Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Oilaviy masalalar » Sovchilik » Kuyovlikka nomzod bilan uchrashuv mezoni
Fatvo: 2572

O'qildi: 52

19.01.2026

/ 30 Rajab 1447

Fatvo mavzusi:

Kuyovlikka nomzod bilan uchrashuv mezoni

Savol

Men Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning nikohlanishni niyat qilgan ayolni ko‘rishga ruxsat bergan hadislarini o‘qidim. Savolim shuku, kuyovlikka nomzod kishiga boʻlajak kelinning nimalarini ko‘rishga ruxsat etiladi? Uning sochini yoki boshini toʻliq ko‘rish joizmi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Islom shariati nigohni pastga qaratishni buyuradi va begona ayollarga qarashni man etadi. Bu qalblarni pok saqlash va bandalarning nomuslarini himoya qilish uchundir. Shariat zarurat va katta ehtiyoj holatlarida begona ayolga qarashga ruxsat beradigan istisnolarni belgilagan. Shunday holatlardan biri – bo‘lajak kuyovning nikohlanmoqchi bo‘lgan ayolga qarashidir, chunki bu ayol va erkakning hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan muhim qarorga olib keladi. Bo‘lajak kuyovning bo‘lajak kelinni ko‘rishi joizligini ko‘rsatuvchi dalillar quyidagilardir:

 

Birinchi dalil:

عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِذَا خَطَبَ أَحَدُكُمُ الْمَرْأَةَ، فَإِنِ اسْتَطَاعَ أَنْ يَنْظُرَ إِلَى مَا يَدْعُوهُ إِلَى نِكَاحِهَا فَلْيَفْعَلْ»، قَالَ: فَخَطَبْتُ جَارِيَةً فَكُنْتُ أَتَخَبَّأُ لَهَا حَتَّى رَأَيْتُ مِنْهَا مَا دَعَانِي إِلَى نِكَاحِهَا وَتَزَوُّجِهَا فَتَزَوَّجْتُهَا

 

Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz bir ayolga sovchi qo‘yib, o‘sha ayolni nikohiga olishga undovchi narsaga nazar sola olsa, shunday qilsin», dedilar. Men bir qizga sovchi yuborib, uni ko‘rish uchun panada turdim. Uni ko‘rganimdan so‘ng unga uylanishga rag‘bat paydo bo‘lib, unga uylandim» (Abu Dovud, 2072; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 2072).

Boshqa rivoyatda: «U Bani Salama qabilasidan bo‘lgan qiz edi, men xurmo panasida yashirinib, undan meni nikohiga chorlaydigan narsalarni ko‘rmagunimcha qarab turdim, so‘ngra uni nikohimga oldim», deyilgan.

 

Ikkinchi dalil:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: «كُنْتُ عِنْدَ النَّبِيِّ ﷺ، فَأَتَاهُ رَجُلٌ، فَأَخْبَرَهُ أَنَّهُ تَزَوَّجَ امْرَأَةً مِنَ الْأَنْصَارِ، فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللهِ : أَنَظَرْتَ إِلَيْهَا؟ قَالَ: لَا، قَالَ: فَاذْهَبْ، فَانْظُرْ إِلَيْهَا، فَإِنَّ فِي أَعْيُنِ الْأَنْصَارِ شَيْئًا».

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edim. Bir kishi u zotning oldilariga kelib, bir ansoriyaga uylanganini aytdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Unga nazar soldingmi?» dedilar. «Yo‘q», dedi u. «Bor, unga nazar sol, chunki (ba’zi) ansoriylarning ko‘zlarida nimadir* bo‘ladi», dedilar» (*Shorihlar bunda ko‘zning kichik bo‘lishi yoki ko‘zda dog‘ bo‘lishi nazarda tutilgan, deyishgan) (Sahihi Muslim, 1424).

 

Uchinchi dalil:

عَنِالْمُغِيرَةِ بْنِ شُعْبَةَ «أَنَّهُ خَطَبَ امْرَأَةً، فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: انْظُرْ إِلَيْهَا، فَإِنَّهُ أَحْرَى أَنْ يُؤْدَمَ» بَيْنَكُمَا.

Mug‘iyra ibn Shu’badan rivoyat qilinadi: «U bir ayolga uylanmoqchi bo‘lib sovchi qo‘yganida, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Unga bir qarab qo‘ying, chunki bu orangizda muhabbat uyg‘onishiga ko‘proq sabab bo‘ladi», dedilar» («Termiziy», 1078; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Hidoyatur ruvot», 3043).

Boshqa rivoyatda: «U shunday qildi. Keyin uni nikohiga oldi va ular orasidagi uyg‘unlikni zikr qildi». Doraqutniy (31-32-hadislar) va Ibn Moja (1/574) rivoyati.

 

To’rtinchi dalil:

عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ : «أَنَّ امْرَأَةً جَاءَتْ رَسُولَ اللهِ فَقَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ، جِئْتُ لِأَهَبَ لَكَ نَفْسِي، فَنَظَرَ إِلَيْهَا رَسُولُ اللهِ ﷺ، فَصَعَّدَ النَّظَرَ إِلَيْهَا وَصَوَّبَهُ، ثُمَّ طَأْطَأَ رَأْسَهُ، فَلَمَّا رَأَتِ الْمَرْأَةُ أَنَّهُ لَمْ يَقْضِ فِيهَا شَيْئًا جَلَسَتْ، فَقَامَ رَجُلٌ مِنْ أَصْحَابِهِ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنْ لَمْ يَكُنْ لَكَ بِهَا حَاجَةٌ فَزَوِّجْنِيهَا… ».

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kelib, «Ey Allohning Rasuli, men o‘zimni sizga hiba qilgani keldim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar tashlab, unga boshdan-oyoq razm soldilar. Keyin boshlarini quyi solib oldilar. Ayol o‘zi haqida u zotning hech qanday qaror qilmaganlarini ko‘rgach, o‘tirdi. Shu payt u zotning as’hoblaridan bir kishi o‘rnidan turib, «Ey Allohning Rasuli, agar sizning ehtiyojingiz bo‘lmasa, unga meni uylantirib qo‘ying», dedi. … » (Sahihi Buxoriy, 5030; hadisning davomi bor).

 

Ulamolarning kuyovlikka nomzodni ko‘rish chegaralari haqidagi fikrlari

Imom Shofeiy rahimahulloh aytadi: «Agar kishi uylanishni xohlasa, ayolning boshyalang holatini ko‘rishi joiz emas. U ayolning yuzi va kaftlarini ko‘rishi joiz, bunda ayol o‘ranib olgan bo‘lib, ko‘rish ayolning ruxsati bilan boʻlsin, ruxsatisiz boʻlsin – joiz. Alloh taolo:

﴿وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنْهَا﴾

 

«Hamda ko‘rinib turgandan boshqa zeb-ziynatlarini (ya’ni, ustlaridagi liboslaridan boshqa zeb-ziynatlarini nomahramlarga) ko‘rsatmasinlar» (Nur: 31), deb aytgan. Oyatda aytilgan, ayolning «ko‘rinib turgan ziynati» (tafsirda) yuz va kaftlar deb aytilgan» («Al-Hoviy al-Kabir», 9/34).

Imom Navaviy aytadi: «Agar kishi unga uylanishni xohlasa, unga qarashi mustahab bo‘ladi, toki afsuslanib qolmasin» («Ravzat at-tolibin», 7/19-20).

Boshqa fikrga koʻra: bu nazar mustahab emas, balki mubohdir. To‘g‘riroq fikr birinchisidir, chunki hadislar shuni ko‘rsatadi. Bu nazarni ayolning ruxsati bilan ham, ruxsatisiz ham takrorlash joiz. Agar qarash imkoni bo‘lmasa, uni ko‘rib, unga tavsiflab beradigan ayolni yuborishi mumkin. Ayol ham kuyovlikka nomzod kishini ko‘rishi joiz, chunki erkak undan nimani yoqtirsa, u ham erkakdan shuni yoqtiradi. Ko‘rilishi mumkin bo‘lgan o‘rinlar: yuz va kaftlarning ham ichki, ham tashqi tomoni. Boshqa joylariga qarash joiz emas.

Imom Abu Hanifa yuz va kaftlar bilan birga oyoqlarni ham ko‘rishga ruxsat bergan. Manba: «Bidoyat al-mujtahid va nihoyat al-muqtasid» (3/10). Ibn Obidin o‘zining hoshiyasida (5/325): «Yuz, kaftlar va oyoqlarni ko‘rish muboh, bundan ortig‘i emas», deb aytgan. Ibn Rushd «Bidoyatul mujtahid»da ham shuni keltirgan.

Imom Molik mazhabida quyidagi rivoyatlar bor:
Birinchisi, faqat yuz va kaftlarni ko‘radi.
Ikkinchisi, faqat yuz, kaftlar va qo‘llarni ko‘radi.

Imom Ahmad rahimahullohdan quyidagi rivoyatlar bor:
Birinchisi, yuzi va qo‘llarini ko‘radi.
Ikkinchisi, odatda ko‘rinib turadigan a’zolarini, masalan, bo‘yin, boldirlar va shu kabi joylarini ko‘radi.

Buni Ibn Qudoma «Mug‘niy» (7/454), Imom Ibn Qayyim al-Javziya «Tahzib as-sunan» (3/25-26) va Hofiz Ibn Hajar «Fath al-Boriy» (11/78) kitoblarida keltirgan. Hanbaliylar kitoblarida maqbul rivoyat ikkinchisidir.

Yuqoridagilardan shu ayon bo‘ladiki, jumhur ulamolar fikricha, kuyovlikka nomzod kelinlikka nomzod ayolning yuzi va kaftlarini ko‘rishi mubohdir, chunki yuz chiroyli yoki xunuk ekanini, kaftlar esa tanasining ozg‘in yoki to‘laligini ko‘rsatadi.

Abul Faraj al-Maqdisiy aytadi: «Ulamolar orasida ayolning yuzini ko‘rish mubohligi haqida ixtilof yo‘q. Yuz go‘zalliklar jamlangan o‘rin va qarash oʻrnidir..»

 

Kuyovlikka nomzodga teginish va u bilan yolg‘iz qolish hukmi

Zaylaiy rahimahulloh aytadi: «Uning yuzi va kaftlariga teginishi — hatto shahvatdan omonda bo‘lsa ham —  hurmat mavjudligi va zarurat yo‘qligi sababli joiz emas».

«Qozi, guvoh va sovchi uchun, hatto shahvatdan omonda bo‘lganlari taqdirda ham, tegish halol emas, chunki hojat yo‘q». Manba: «Radd al-muxtor ala ad-durr al-muxtor» («Durar al-bihor», 5/237).

Ibn Qudoma aytadi: «Ularning yolg‘iz qolishlari joiz emas, chunki bu haromdir. Shariat faqat va faqat qarashga ruxsat bergan, shuning uchun yolgʻiz qolish hukmi haromligicha qolaveradi. Bundan tashqari, yolg‘iz qolganda harom ishlarni sodir etishdan omonda bo‘linmaydi, chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam:

«لَا يَخْلُوَنَّ رَجُلٌ بِامْرَأَةٍ إِلَّا كَانَ ثَالِثَهُمَا الشَّيْطَانُ»

«Hech bir erkak biror ayol bilan yolg‘iz qolmasin, magar ularning uchinchisi shayton bo‘ladi», deganlar» (Termiziy, 2165; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 2546).

Shuningdek, ayolga lazzat olish va shahvat bilan hamda shubha bilan qarash joiz emas. Ahmad Solihning rivoyatida: «Yuzga qaraydi, biroq bu lazzat olish maqsadida bo‘lmasin», degan.

Unga qarashni takrorlash va go‘zalliklarini sinchiklab kuzatish joiz, chunki maqsad faqat shu orqali hosil bo‘ladi.

 

Kuyovlikka nomzodning ko‘rishga ruxsati

Kelinlikka nomzod ayolni, hatto uning ruxsatisiz va u bilmasdan ko‘rish ham joizdir. Sahih hadislar bunga dalolat qiladi.

Hofiz Ibn Hajar aytadi: «Jumhur ulamolar fikricha, agar kishi shuni xohlasa, ayolning ruxsatisiz unga qarashi joiz» («Fath al-Boriy», 9/157).

Shayx, muhaddis Muhammad Nosiruddin Alboniy bu fikrni qo‘llab-quvvatlab aytadi: «Shunga o‘xshash dalillardan Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning hadislaridagi: «Garchi (ayol) bilmasa ham», degan so‘zlari. Buni sahobalar roziyallohu anhumning amallari ham quvvatlaydi. Ular buni Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga muvofiq qilganlar. Shu jumladan, Muhammad ibn Maslama va Jobir ibn Abdulloh ham bor. Ularning har biri nikohiga chorlaydigan narsalarni ko‘rish uchun (kelinlikka nomzod) ayoldan yashirinishgan…» («Silsilati sahiha», 1/156).

 

Foyda:

Shayx yuqoridagi manbada aytadi:

عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَرَادَ أَنْ يَتَزَوَّجَ امْرَأَةً، فَبَعَثَ امْرَأَةً لِتَنْظُرَ إِلَيْهَا، فَقَالَ: «شُمِّي عَوَارِضَهَا، وَانْظُرِي إِلَى عُرْقُوبَيْهَا»

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam bir ayolga uylanmoqchi bo‘ldilar va bir ayolni uni ko‘rgani yubordilar. U zot: «Uning ogʻzini hidla va boldirlariga qara», dedilar» («Mustadrak ala-Sahihayn», 2736; Hadis hukmi: «Muslim shartiga ko‘ra sahih»). Garchi bu hadisni munkar sanagan muhaddislar boʻlsa-da, Imom Zahabiy «Muslim shartiga ko‘ra sahih» soʻziga muvofiq boʻlgan. Bu hadisni Bayhaqiy (7/87) ham keltirgan va «Majma’ az-zavoid» (4/507)da: «Buni Ahmad va Bazzor rivoyat qilgan. Ahmadning roviylari ishonchlidir», deyilgan.

«Hadisdan shu narsa tushuniladiki, yuborilgan kishi yuborgan kishiga o‘zi ko‘rgan narsadan ziyodasini vasf qilishi mumkin. Shuning uchun yuborish orqali o‘zi ko‘rish bilan bilmaydigan narsani bilib oladi» («Mug‘ni al-muhtoj», 3/128).

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar