Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Qurʼon oyatlarini devorlarga ilish hukmi
Fatvo: 254

O'qildi: 487

16.06.2025

/ 20 Zulhijja 1446

Fatvo mavzusi: » »

Qurʼon oyatlarini devorlarga ilish hukmi

Savol

Musulmonlarning uylariga tashrif buyurganimda, ularning koʻpchiligi devorlarga Qurʼon oyatlari, Allohning goʻzal ismlari yoki boshqa narsalarni aks ettiruvchi tasvirlarni osib qoʻyganlarini koʻraman. Bu amalning islom shariatidagi hukmi qanday?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Uylarda, maktablarda, sport zallarida yoki savdo doʻkonlarida Qurʼon oyatlari yozilgan tasvirlar va matolarni osib qoʻyish bir qator sharʼiy cheklovlar va taqiqlarni oʻz ichiga oladi, jumladan:

  1. Aksariyat hollarda bunday narsalarni bezak sifatida, devorlarni naqshli, rangli oyat va zikrlar bilan ziynatlash maqsadida osib qoʻyishadi. Bu esa Qurʼonning nozil boʻlish maqsadidan chetlanishdir. Qurʼon devorlarga bezak uchun emas, balki hidoyat, goʻzal nasihat va bayon uchun nozil qilingan.
  2. Baʼzilar bu oyat va zikrlarni tabarruk maqsadida osib qoʻyishadi. Bu esa bidʼat amaldir. Chunki shariatda ruxsat etilgan tabarruk, Qurʼon oyatlarini devorga osish, musʼhafni tokchalarga qoʻyish, yoki tasvirlar va haykallarga aylantirish bilan emas, balki Qurʼoni Karimni tilovat qilish bilan amalga oshadi.
  3. Shuningdek, bu amal Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam va xulafoi roshidinlar roziyallohu anhum tutgan yoʻlga xilof boʻlib, ular hech qachon bunday qilmaganlar. Eng toʻgʻri yoʻl ularga ergashish, dinga yangilik kiritmaslikdir. Tarixdan maʼlumki, Andalusiya, Turkiya va hokazo joylarda uy va masjidlarni naqshinkor oyat oʻymakorligi bilan bezash faqat musulmonlar zaif va xor boʻlgan paytlardagina sodir boʻlgan.
  4. Bu kabi tasvirlarni devorga osish shirkka olib boruvchi yoʻldir. Chunki baʼzi kishilar bu narsalar uyni va uydagi odamlarni yomonlikdan hamda kasalliklardan himoya qiladigan tumorlar deb oʻylashadi. Bu esa harom qilingan shirkiy eʼtiqoddir. Aslida himoya qiluvchi faqat Alloh azza va jalladir. Uning himoyasining sabablaridan biri Qurʼon va sharʼiy zikrlarni ixlos bilan oʻqishdir.
  5. Bu ishda Qurʼondan oʻz biznesini targʻib qilish yoki daromadni oshirish vositasi sifatida foydalanish xavfi mavjud. Qurʼonni bunday maqsadlar uchun ishlatishdan saqlanish lozim. Maʼlumki, bu tasvirlarni sotib olish juda katta isrofgarchilik va pulni behuda sarflashga olib boradi. 
  6. Bu tasvirlarning aksari oltin bilan boʻyalgan boʻlib, shu sababli ulardan foydalanishning haromligi yanada ortib boradi.
  7. Bu tasvirlarning koʻpi befoydadir. Chunki harflar murakkab shakllarga oʻralgan boʻlib, deyarli oʻqishning iloji yoʻq va hech kimga foyda keltirmaydi. Baʼzilari esa qush yoki sajda qilayotgan odam shaklida yozilgan boʻlib, bu jonli mavjudotlarning harom qilingan tasvirlaridir.
  8. Bu Qurʼon suralariyu oyatlarini xoʻrlash va ularga notoʻgʻri munosabatda boʻlishdir. Masalan, koʻchish paytida ular boshqa jihozlar bilan birga taxlanadi, ustiga boshqa buyumlar qoʻyilishi mumkin. Shuningdek, devorni boʻyash yoki tozalash uchun olib tashlanganda ham shunday holat yuz beradi.
  9. Oʻz vazifalarida kamchilikka yoʻl qoʻygan baʼzi musulmonlar, vijdon azobini yengilltish yoki oʻzlarini dindor koʻrsatish maqsadida Qurʼon oyatlarini devorga osib (yoki ish stolining ustiga) qoʻyadilar, holbuki bu ularga hech qanday foyda bermaydi.

Xulosa qilib aytganda, yomonlik eshigini yopish va saodat asridagi hidoyat imomlari tutgan yoʻlni tutish kerak. Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam saodat asrida yashagan zotlarning eʼtiqodda va boshqa diniy ahkomlarda eng toʻgʻri yoʻldagi kishilar ekanligiga guvohlik berganlar.

Agar kimdir «Biz oyatlarni xoʻrlamaymiz, uni bezak shaklida ishlatmaymiz, ularga ortiqcha pul sarflamaymiz, balki ular bilan majlislarda odamlarga eslatma bermoqchimiz» desa, bunga javob shuki, voqelikka nazar solsak, haqiqatan ham shunday boʻlyaptimi? Oʻtirganlar ularga qarab Allohni zikr qiladilarmi? Ular devordagi oyatlarni oʻqiydilarmi, naqshli oyatlarni oʻqiy oladilarmi? Voqelik buning aksiga shohiddir. Oyatlar osilgan majlislarda oʻtirganlar boshlari uzra osilgan oyatlarga xilof ish qilib, yolgʻon gapirishadi, gʻiybat qilishadi, birovlarni masxara qilishadi, munkar ishlarga qoʻl urishadi yoki munkar soʻzlashadi. Agar haqiqatan ulardan foydalanadiganlar bor, deb faraz qilsak ham, ular juda ozchilik boʻlib, bu masalaning hukmiga taʼsir qilmaydi.

Musulmonlar Allohning kitobiga yuzlanib, uni tilovat qilishlari va undagi buyruq va qaytariqlarga amal qilishlari kerak. Allohdan Qurʼoni Karimni qalbimizning bahori, koʻnglimizning nuri, xafaliklarimizni ketkazuvchi va gʻamlarimizni aritguvchi qilishini soʻraymiz. Allohning salovoti va salomi Paygʻambarimiz Muhammadga boʻlsin.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

1

O’xshash fatvolar

  • Qon topshirish tahoratni buzadimi?

    Musulmon kishi donorlik qilib qon topshirishi joizmi? Agar qon topshirsa, qon topshirgandan keyin tahorat olmasdan namoz o‘qishi joizmi?
  • Tijoratda aylanmada boʻlgan pullarning zakoti

    Menda ma’lum miqdorda pul bor, uning umumiy miqdori zakot nisobidan oshadi. Bu pulning bir qismini tijoratga qo‘ydim. Bu yilgi zakotni hisoblaganda, hali tijoratdan qaytarib olmagan bo‘lsam ham, bu pulni qo‘shishim kerakmi, yoki hozir qo‘limda bor pulga asoslanib zakotni hisoblashim yetarlimi?
  • Musulmonlarning hojatxonadagi odoblari

    Men odob, hayo qoidalariga ko‘ra erkaklar hojat chiqarganda egilishi yoki cho‘nqayishi kerak deb tushunaman. Lekin musulmon kishining xonasi hojatxonaga yaqin bo‘lsa, erkak kishi tunash xonasida hojat idishidan foydalanmasligi hayoliroq bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Men musulmon ayollarning odob va hayo qoidalariga rioya qilishi g‘arb ayollariga nisbatan ko‘proq va kuchliroq deb bilaman. Shuning uchun musulmon ayollarni juda hurmat qilaman. Bu savolim bilan musulmonlarni tanqid qilishni yoki ularga biror bir ozor yetkazishni istamayman, shunchaki ularning odob va xulqlarini yetarli darajada bilmayman. Javobingiz uchun oldindan rahmat, Alloh sizni har qanday yomonlikdan saqlasin va sog‘lik-salomatlik ato etsin.
  • Vegeterian boʻlish joizmi?

    Men vegetarianman, ya’ni men go‘sht yoki hayvon mahsulotlarini yemayman. Islom dini menga yoqdi. Hayvon mahsulotlarini yemasdan turib, bu dinga kirish mumkinmi?
  • Hilolni kuzatish uchun qo‘mita tuzish

    Islomiy bo‘lmagan mamlakatda yashovchi musulmonlar Ramazon, Shavvol va Zulhijja oyining boshlanishini aniqlash uchun qo‘mita tuzishlari joizmi yoki yo‘qmi?
  • Xodimning xatolari uchun ish haqini ushlab qolish

    Biz xodimlarining xatolari uchun ularning ish haqidan bir-ikki kunlik miqdorni ushlab qoladigan shirkatda ishlaymiz. Bu jarimalar biror aniq qonunga asoslanmagan, balki bevosita rahbarning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi. Ammo juda arzimas xatolar uchun ham ish haqimizdan ushlab qolinishi bizni qattiq ranjitadi. Bizdan nohaq ushlab qolingan mablag‘ miqdoricha ish vaqtida shaxsiy ishlarimiz bilan shug‘ullansak to‘g‘ri bo‘ladimi? Bizning og‘ir mehnatimizdan shu yo‘l bilan foyda olishga ularning haqqi bormi? Holbuki, mehnat shartnomasida bu masala kelishilmagan edi.