O'qildi: 162
12.01.2026
/ 23 Rajab 1447
Fatvo mavzusi: Mahr, toʻyona va toʻy sovgʻalari » Nikoh shartnomasi
Savol
Ba’zi jamiyatlarda shunday odat borki, qizini turmushga berganda ota qizining mahriga qo‘shimcha ravishda o‘zi uchun biror narsani shart qilib qo‘yadi. Bu uning haqqimi yoki yo‘qmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Ibn Qudoma rahimahulloh aytadi: «Agar u qizga ming va uning otasiga ming berish sharti bilan uylansa, bu joiz bo‘ladi. Garchi u qizni duxuldan (unga qoʻshilishdan) oldin taloq qilsa ham… Umuman, ayolning otasi o‘z qizi mahridan bir qismini o‘zi uchun shart qilib qo‘yishi joiz. Is’hoq shunday degan. Masruqdan rivoyat qilinishicha, u qizini turmushga berganda, o‘zi uchun o‘n ming dirham shart qilib qo‘ygan va uni haj va miskinlar uchun ajratgan, so‘ngra kuyovga: «Xotiningni jihozla», degan. Xuddi shunday rivoyat Ali ibn Husayndan ham naql qilingan. Ato, Tovus, Ikrima, Umar ibn Abdulaziz, Savriy va Abu Ubayd: «Bularning barchasi ayolga tegishli bo‘ladi», deyishgan… Chunki mahr faqat xotinga vojib bo‘ladi, zero u ayolning jimo haqqiga evazdir…
Bizning dalilimiz – Alloh taoloning Shuayb alayhissalom qissasidagi so‘zlaridir:
«(Shu’ayb) aytdi: «(Ey Muso, agar rozi boʻlsang), menga sakkiz yil ishlab berishing badaliga men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman» (Qasos: 27).
Bunda mahr qilib uning qo‘ylarini boqish evaziga ijarani belgiladi, bu esa o‘zi uchun qo‘yilgan shartdir. Shuningdek, ota farzandining molidan olish huquqiga ega, bunga payg‘ambar alayhissalomning: «Sen va moling otangnikidir» va «Albatta, farzandlaringiz eng toza daromadlaringiz (qatoridandir), bas, ularning mollaridan yenglar» degan so‘zlari dalildir. Buni Abu Dovud rivoyat qilgan, shunga o‘xshash rivoyatni Termiziy ham keltirgan va bu hasan hadis degan. Shuningdek, agar ota mahrdan biror narsani o‘zi uchun shart qilsa, bu uning qizining molidan olish hisoblanadi va bunga haqqi bor… Chunki ota xohlaganini olib, xohlaganini qoldirish huquqiga ega. Agar otaning shartsiz olish huquqi bo‘lsa, shart bilan ham shunday huquqi bo‘ladi… Lekin bu shart qizining molini kamaytirib yubormasligi lozim, agar bu uning moliga zarar yetkazadigan bo‘lsa, bu shart to‘g‘ri bo‘lmaydi va hammasi qizga tegishli bo‘ladi».
Ibn Qudoma rahimahulloh yana aytadi: «Fasl: Agar buni otadan boshqa valiylar, masalan, bobo, aka-uka yoki amaki shart qilsa, bu shart botildir. Imom Ahmad bunga aniq to‘xtalgan va barcha belgilangan (ya’ni mahr) ayolga tegishli bo‘ladi».
Bu javob foydali bo’ldimi?