O'qildi: 96
26.12.2025
/ 6 Rajab 1447
Fatvo mavzusi: Qurʼon ilmlari
Savol
Do‘stim menga internetda bir sayt borligi, unda sayt egasi Qur’on oyatlarini buzib ko‘rsatib, buni Qur’ondan deb da’vo qilayotgani haqida xabar berdi. Bu ishni to‘xtatish uchun nima qilishimiz kerak?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Bu savolga javob berishdan oldin, noto‘g‘ri narsaning noto‘g‘riligini bayon qilishda donolik bilan ish tutish muhimligini ta’kidlash lozim. Musulmon kishi Islomga dushmanlik qiluvchi saytlarning reklama va chaqiriqlariga aldanib qolmasligi kerak. Aksiy taqdirda bilmagan holda musulmonlar orasida tarqatib, boshqalarni ham u yerga kirib, undagi narsalarni o‘qishga undab qo‘yishi mumkin. Shunday qilib, Qur’onga taqlid qilib, unga o‘xshash suralar keltiraman deb da’vo qilayotgan bu tuban kimsaning shuhratini bilvosita oshirishga hissa qo‘shgan bo‘ladi.
Qur’onga o‘xshash kitob keltirish imkonsizdir. Chunki Alloh taolo hech kim bunday qilishga qodir emasligini aytgan. U Qur’on nozil bo‘layotgan vaqtda fasohat va balog‘atning cho‘qqisida bo‘lgan arab so‘zamol kishilarini va shoirlarini bu bellashuvga chorladi. Alloh taolo aytadi:
«U holda agar rostgo‘y bo‘lsalar o‘zlari ham o‘sha (Qur’on)ga o‘xshash biron so‘z — kitob keltirsinlar-chi?!» (Tur: 34).
Ular ojiz qolganlarida, ularni Qur’on suralariga o‘xshash o‘nta sura keltirishga chaqirdi va shunday dedi:
«Yoki: «Uni (ya’ni, Qur’onni Muhammad) to‘qib chiqargan», deydilarmi? Ayting: «U holda, agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, Allohdan o‘zga kuchingiz yetgan barcha butlarni (yordamga) chorlab shunga o‘xshash o‘ntagina «to‘qilgan» sura keltiringiz!» (Hud: 13).
Endi bunga ham ojiz qolganlarida, Alloh subhanahu va taolo ularni Qur’onni fasohati-yu balog‘ati va hikmatga teng birgina oyat keltirishga chaqirib dedi:
«Yoki: «Uni (Muhammad) to‘qib chiqargan», deydilarmi?! (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ayting: «U holda agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, Allohdan o‘zga kuchingiz yetgan barcha butlarni (yordamga) chorlab, shu (Qur’on)ga o‘xshash birgina sura keltiringizlar!» (Yunus: 38).
Ularni chaqiriqni qabul qilishga va harakat qilishga o‘zlari xohlagan kishilardan yordam so‘rashga chaqirib, shunday dedi:
«Agar biz bandamizga tushirgan narsadan (Qur’ondan) shak-shubhada bo‘lsangiz, u holda shunga o‘xshagan birgina sura keltiring va Allohdan o‘zga guvohlaringizni chaqiring – agar rostgo‘y bo‘lsangiz» (Baqara: 23).
Ular bundan ojiz ekanlari ma’lum bo‘lib, Alloh taolo ular kimni yordamga chaqirsalar ham hech qachon bu Qur’onga o‘xshash biror oyat keltira olmasliklari haqida xabar berib aytadiki:
«Ayting: «Qasamki, agar bor insu jin mana shu Qur’onni o‘xshashini keltirish yo‘lida birlashib, bir-birlariga yordamchi bo‘lsalar-da, uning o‘xshashini keltira olmaslar». (Isro: 88).
Demak, Alloh azza va jalla aytganidek, Undan o‘zga biror kim bu Qur’onga o‘xshash biror narsa keltira olmaydi:
«Alif, Lom, Ro. (Ushbu Kitob) hikmat Sohibi va (hamma narsadan) xabardor Zot — Alloh tomonidan oyatlari buzilmaydigan mustahkam va mufassal qilib (nozil qilingan) bir Kitobdir» (Hud: 1).
Va ba’zi yolg‘onchi kimsalar Qur’onga taqlid qilishga uringanlarida, kattalar qolib bolalar ham kuladigan bema’ni ahmoqgarchiliklarini keltirishgan. Ulardan biri bo‘lmish Musaylama Kazzob shunday deydi:
«Ey qurbaqa qizi qurbaqa, tozalanishing naqadar ajib, usting suvda-yu, osting loyda». Va u kabi payg‘ambarlikni da’vo qilgan kimsalar ham shunday. («Soyd ul-Xotir» kitobi 404 – bet).
Bu kabi bema’ni bo‘hton gaplar arab tili qoidalari va balog‘at uslublaridan bexabar ba’zi kishilarning orasida tarqashi mumkin, lekin fahm farosati bor kishilar bu bo‘hton gaplar hech qachon Qur’on bo‘la olmasligini bilishadi.
Biz savolda ko‘zda tutilgan saytga nazar tashlasak, unda o‘sha soxta suralarda kufr so‘zlar aytilganini, «Masih Allohning o‘g‘li, u Alloh» degandek, va nopok iflos rofizalarning mazhabiga chaqirilayotganligini va shu kabi safsatalarni topamiz. Keyin ajablanarli ziddiyatlarni ko‘rasiz. Yolg‘onchi o‘zi to‘qigan va «Tajassud surasi» deb nomlagan surada oltinchi oyatda — o‘z da’vosiga ko‘ra — shunday deydi: «Olamlar Rabbisi O‘z maxluqotidan farzand tutishdan pokdir». Ammo soxta «Iymon surasi»ning to‘qqizinchi oyatida: «Sen haqiqatan Allohning o‘g‘lisan, senga iymon keltirdik» deydi. Rabbimiz to‘g‘ri aytgan:
«Axir ular Qur’on haqida fikr yuritmaydilarmi?! Agar u Allohdan boshqa birov tomonidan bo‘lsa edi, unda ko‘p qarama-qarshiliklarni topgan bo‘lar edilar-ku?!» (Niso: 82).
Shu kabi soxta suralarda yana bir boshqa tuban ibora bor. Unda bu yolg‘onchi kimsa Alloh O‘z payg‘ambariga Qur’onni xohlaganidek o‘zgartirish va almashtirishga ruxsat berganini da’vo qiladi. «Vasoyat surasi»ning oltinchi oyati deb hisoblagan joyida shunday tuban ibora keladi: «Biz ularga buyurgan narsadan xohlaganingni bekor qil, chunki biz senga qarorlarimizni o‘zgartirishga ruxsat berdik!»
Har bir musulmon bu iborada yashiringan yolg‘onning darajasini biladi. Bular g‘arazli aqldan chiqqandir. Ey aql egasi bo‘lgan o‘quvchi, bunday tuban so‘zni ko‘rganmisan? Alloh O‘z kitobidagi narsalarni tatbiq qilish, bajarish va unga rioya qilishni buyurib:
«Mana bu esa Biz nozil qilgan muborak Qur’ondir! Bas, unga ergashingiz va (Allohdan) qo‘rqingiz! Shoyad rahmatga erishsangizlar» (An’om: 155) degan bo‘lsa, payg‘ambariga Qur’onga mahkam yopishishni buyurib:
Bas, siz o‘zingizga vahiy qilingan narsani Qur’onni mahkam ushlang! Albatta, siz To‘g‘ri Yo‘ldadirsiz» (Zuxruf: 43) deb aytishi, O‘ziga vahiy qilgan narsalarni o‘zgartirmasdan va yashirmasdan aniq yetkazmasa Payg‘ambarini tahdid qilib:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom, mushriklar) sizni Bizning sha’nimizga, (vahiydan) o‘zga narsalarni to‘qib chiqarishingiz uchun — Biz sizga vahiy qilgan oyatlardan aldab-burib yuborishlariga oz qoldi. U holda, (ya’ni, ularning yo‘riqlariga yursangiz), sizni do‘st qilib olgan bo‘lur edilar. Agar Biz sizni (haq yo‘lda) qilmaganimizda, siz ularga bir qadar moyil bo‘lishingizga oz qoldi. U holda, albatta, Biz sizga dunyo (azobini) ham, Oxirat (azobini) ham ikki hissa qilib totdirgan bo‘lur edik, so‘ngra o‘zingiz uchun Bizga qarshi biron madadkor topa olmagan bo‘lur edingiz» (Isro: 73-75) va yana:
«Agar (Payg‘ambar) Bizning sha’nimizga (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, Albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» (Haqqa: 44-46) va boshqa oyatlarda aytganidek, keyin bularning hammasidan so‘ng Payg‘ambarning Qur’ondan xohlagan narsasini bekor qilish, o‘zgartirish va almashtirish huquqi borligi, unga bu to‘la vakolat berilganligi va uning hukmlarni bekor qilish va xohlagani o‘chirish huquqi borligi haqida to‘qilgan sura kelishi mumkinmi??
Qur’ondan xohlagan narsani bekor qiladigan faqat Qur’onni nozil qilgan Alloh subhanahu vahdahu, boshqa hech kim emas, Alloh taolo aytganidek:
«Alloh O‘zi xohlagan narsani (ya’ni, hukmni) o‘chirur va (O‘zi xohlagan hukmni) ustivor qilur. Asl Kitob (ya’ni, barcha narsalarning bilimi) Uning dargohidadir» (Ra’d: 39). Yana aytadi:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), biron oyatni bekor qilsak yoki yodingizdan chiqarsak, undan yaxshirog‘ini yoki o‘shaning mislini keltiramiz. Alloh har narsaga qodir zot ekanini bilmadingizmi?» (Baqara: 106).
Payg‘ambarimiz va bizning vazifamiz tadabbur qilish va amal qilishdir, o‘zgartirish, bekor qilish va almashtirish emas. Alloh taolo aytadi:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom, ushbu Qur’on barcha odamlar) oyatlarini tafakkur qilishlari va aql egalari eslatma-ibrat olishlari uchun Biz sizga nozil qilgan bir muborak Kitobdir» (Sod: 29).
Biz internetdagi bu saytdagi soxta va to‘qima suralarda Alloh taoloning quyidagi so‘zining haqiqiy misolini ko‘rdik:
«Ulardan (yahudiylardan) yana bir guruhi borki, sizlar Kitobdan (Tavrotdan) bo‘lmagan narsani Kitobdan deb o‘ylashingiz uchun Tavrot kitobini tillarini burab (buzib-o‘zgartirib) o‘qiydilar va Allohning huzuridan kelmagan (o‘zlarining so‘zlarini) «Allohning huzuridan kelgan», deydilar. Ular bilib turib Alloh haqida yolg‘on so‘zlaydilar» (Oli Imron: 78) degan so‘zining haqiqiy misolini ko‘rdik.
Allohdan dinini g‘olib qilishini, kitobini yuksak qilishini va do‘stlarini aziz qilishini so‘raymiz. Shuningdek, Undan dushmanlarini xor qilishini va ularni mag‘lub va noumid qilishini so‘raymiz.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?