Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Ruhiy va ijtimoiy muammolar » Ijtimoiy muammolar » Eriga xiyonat qilgan ayolga eslatma
Fatvo: 101574

O'qildi: 75

23.01.2026

/ 4 Shaban 1447

Fatvo mavzusi:

Eriga xiyonat qilgan ayolga eslatma

Savol

Men 26 yoshli qizman, bir hafta oldin ajrashdim. Bir yil oldin erimning uyini tark etib, ikki yoshli farzandim bilan ota-onamnikiga ketgan edim. Sevgi asosida qurilgan nikohimizning boshida qaynonamning uyida yashadik. Qaynonam hamma narsaga aralasha boshladi va hayot qiyinchiliklarini yengish hamda toʻyimiz uchun olingan qarzni toʻlashda erimga yordam berishim uchun ishlashimni talab qildi. Haqiqatan ham ish topdim, ishladim va unga yordam berdim. Yagona shartim — qaynonamning doimiy aralashuvidan uzoqda, alohida yashashimiz edi. U menga buni vaʼda qilgandi. Uyda hamma narsani qaynonam boshqarardi, erim esa eʼtiroz bildira olmasdi, aks holda onasi uni uydan chiqarib yuborishini aytardi. Qaynonam ham ishlar edi. Erimga kelsak, u bilan ikki yil yashab, uni boshida tanigan odamimdan butunlay boshqacha shaxs ekanini bildim. U shunchaki niqob ekan. U mening bor maoshimni olib qoʻyar, oʻzimga kundalik xarajat uchun ozgina pul berardi. Pulga muhtoj boʻlib qolsa yoki ishini tashlasa, tillalarimni sotishni talab qilardi. Men sotardim, baʼzida u oʻzi ham sotardi. Ota-onamdan qarz olishimni soʻrardi va men olardim. Evaziga esa u menga hech narsa bermasdi, men hamma narsadan mahrum edim. U doim menga: «Vaziyatimizni bilasan-ku, chida», derdi. Hamyonini mashinasida yashirar va unda pul bor-yoʻqligini bilishga haqqim yoʻqligini aytardi. Oramizdagi muammolar koʻpaya boshladi. Men alohida uyga koʻchishni soʻrashda davom etdim, chunki kim kirib, kim chiqayotgani nomaʼlum boʻlgan uyda yashashga oʻrganmagan edim. Uning ajrashgan singlisi bor edi, u ishlar va ish joyida — (bizning hududimizdan tashqaridagi) mehmonxonada tunardi. U ziyoratga kelganida har kecha koʻchaga aylangani chiqib ketar va yarim tundan keyin qaytardi. Bu holat meni qoniqtirmasdi va yoqtirmasdim. «Hurmatli» erimga: «Jamiyat bu uyning aholisi haqida nima deydi? Bu ayb-ku», derdim. U esa: «Men ular bilan gaplashaman, bu menga ham yoqmaydi», deb javob berar va meni gap bilan yupatib yurardi. Oxir-oqibat u menga: «Bu bizning odatlarimiz va tabiatimiz (ular arab boʻlmagan millat vakillari edi), men onam va singlimni yolgʻiz qoldirib, ulardan uzoqda yashay olmayman», dedi. Ota-onamga aytishga ikkilanib yurdim, chunki ular boshidanoq bu nikohga qarshi boʻlishgandi, lekin men undagi xulq va qalb goʻzalligini koʻrib, turib oldim. Qanchalik koʻr boʻlgan ekanman. Oxiri, u onasiga mendan shikoyat qilayotganini, onasi esa uni meni urishga va bolamni tortib olishga undayotganini eshitib qolganimdan soʻng ota-onamga aytdim. Bu oxirgi voqea boʻldi va men uni tark etib, ota-onamning uyiga ketdim. U ikki haftadan keyin nima uchun uydan ketganimni bilish uchun keldi, lekin men unga gaplarini eshitib qolganimni aytmadim. Talabim — ularnikida emas, alohida sharʼiy uy edi. U rozi boʻldi. Uyni koʻrganimizdan va u uyni koʻrgani borganidan soʻng fikridan qaytdi. Bu masala ikki yil davom etdi. Shu vaqt ichida u meni kim bilandir munosabatda boʻlishda va kimdir mening fikrimni buzayotganlikda aybladi. Bunga sabab, otamning bir tanishi meni ish joyimdan olib ketayotganini koʻrib qolgani boʻldi. Oʻsha kuni uni tasodifan ish joyimda uchratgandim, erim esa pastda meni kutib turgan ekan. Menga ozor berishidan qoʻrqib, oʻsha odamdan meni tashlab qoʻyishni iltimos qilgandim. Shundan soʻng u meni yomon otliq qilish uchun odamlar yubordi: yo onasining uyiga qaytaman, yoki huquqlarimdan voz kechib ajrashaman. Men albatta rad etdim va ajrashishga qatʼiy qaror qildim, endi uy ham kerak emas edi. U menga nisbatan «itoat» (toʻat) daʼvosini ikki marta ochdi, oxiri men ajrashish uchun daʼvo arizasi berdim. Lekin oxirgi besh oy davomida men oʻsha otam taniydigan, meni tashlab qoʻygan kishi bilan tasodifan gaplashib qoldim. U mendan taxminan 14 yosh katta. Unga boshimdan oʻtganlarni aytib berdim, u meni qoʻllab-quvvatladi va hayot haqida, odamlar haqidagi baʼzi narsalarni tushuntirdi. Baʼzi narsalarga sukut saqlab boʻlmasligini, bu odam bilan boshidanoq birga boʻlishim xato boʻlganini va hech kimning maslahatiga quloq solmay xato qilganimni aytdi. Keyinchalik bu kishiga nisbatan oʻzimda intilish his qila boshladim. Ichimdan bu qilmishimni xato ekanini bilardim va bu tuygʻu meni doim qiynardi, ayniqsa uni sevib qolganimdan keyin. Bilaman, u ham meni yaxshi koʻradi. Bu narsa rejalashtirilmagan edi. Biz bir necha bor uchrashdik, koʻrishdik, oʻtirdik va koʻp gaplashdik. Hatto u men hali ajrashmasimdan oldin menga uylanmoqchi ekanini aytdi. Men ham buni xohlayman, lekin keyinroq, ayniqsa bu munosabatlar boshlangan sharoit tufayli qarshiliklar boʻlishidan qoʻrqaman. Boshqa bir erkakning nikohida boʻla turib boshqani sevib qolganim uchun Allohdan qoʻrqaman. Vaholanki, erimni tark etganimga bir yil-u uch oy boʻlgan, ajrashganimga esa taxminan ikki hafta boʻldi. Qilgan ishlarim haqida menga yoʻl koʻrsating. Men xato qildimmi? Qilgan ishim harommi? Oʻzim bilan doim ziddiyatdaman va qattiq hayronlikdaman, chunki Allohning gʻazabini keltirishni va gunoh ish qilishni xohlamayman.

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Birinchidan:

Siz bir qator ochiq-oydin shariatga xilof ishlarni sodir etgansiz. Shu bois xatingizning oxiridagi: «chunki Allohning gʻazabini keltirishni va gunoh ish qilishni xohlamayman» degan soʻzlaringizdan ajablandik!! Har qanday holatda ham, bu — maʼsiyatning shumligi va uning asarlaridan biridir, yaʼni u aqlni va egasini toʻgʻri yoʻlga boshlovchi nurni toʻsib qoʻyadi.

Ibn Qayyim rohimahulloh gunohlarning asarlarini bayon qilib shunday degan:

«Gunohning asarlardan biri: gunohlar aqlni buzadi. Aqlning nuri bor, maʼsiyat esa aql nurini albatta oʻchiradi. Agar uning nuri oʻchsa, u zaiflashadi va kamayadi. Baʼzi salafi-solihlar: «Inson aqli uni tark etmaguncha Allohga itoatsizlik qilmaydi», deyishgan. Bu ochiq-oydin haqiqatdir, chunki agar insonning aqli oʻz joyida boʻlsa, u Parvardigorining qabzasida boʻla turib, U Zot uni koʻrib, Uning yerida, Uning bisotida boʻla turib, farishtalar guvoh boʻlib qarab turganida, Qurʼon vaʼzi qaytarib, imon lafzi qaytarib, oʻlim vaʼzi qaytarib, doʻzax vaʼzi qaytarib turganida uni maʼsiyatdan toʻsgan boʻlardi. Gunoh tufayli dunyo va oxirat xayridan boy beradigan narsalari undan oladigan xursandchilik va lazzatidan necha barobar koʻpdir. Sogʻlom aql egasi shuncha narsani mensimaslikka va yengil sanashga jurʼat qiladimi?!

Gunohning asarlaridan yana biri: agar gunohlar koʻpaysa, egasining qalbiga muhr bosiladi va u gʻofillardan boʻlib qoladi. Baʼzi salaflar Alloh taoloning:

﴿كَلَّا ۖ بَلْ ۜ رَانَ عَلَىٰ قُلُوبِهِمْ مَا كَانُوا يَكْسِبُونَ ۝١٤﴾

«Aslo! Ularning qilgan kasblari qalblariga mogʻor boʻlib oʻrnashib qolgandir» (Mutoffifun: 14) oyati haqida: «Bu gunoh ustiga gunohdir», degan. Hasan Basriy: «Bu qalb koʻr boʻlgunicha gunoh ustiga gunoh qilishdir», degan. Boshqalar: «Gunoh va maʼsiyatlari koʻpayganda, ular qalblarini oʻrab oldi», deyishgan.

Aslida, gap shundaki, qalb gunohdan zanglab qoladi. Agar gunoh koʻpaysa, zang gʻolib kelib oyatda aytilgan «ron» (mogʻor)ga aylanadi, keyin yana gʻolib kelib bu narsa uning tabiatiga, soʻng qulfga va oxir oqibat muhrga aylanadi. Shunda qalb gʻilof va mogʻor ichida boʻlib qoladi. Agar hidoyat va basiratdan keyin unga shu narsa yetsa, u toʻntariladi va ustki qismi pastga qarab qoladi. Oʻshanda dushmani (shayton va nafs) uni boshqarib, xohlagan yeriga yetaklaydi» («Al-Javob al-Kofiy liman saala anad-davaa ash-Shofiy», 39-bet).

Afsuski, shuni taʼkidlashimiz joizki, sizning har bir maʼsiyatingiz boshqa bir maʼsiyatga yetaklagan, pirovardida fikr-u qalbingizga taʼsir oʻtkazib, ularning nurini soʻndirgan.

Ikkinchidan:

Siz qoʻl urgan shariatga xilof ishlar quyidagilardan iborat:

  1. Birinchi eringiz bilan turmush qurishdan oldin boshlagan harom munosabatingiz. Bu sizning «bu sevgiga asoslangan nikoh edi!» degan soʻzlaringizdan va uni sizga munosib emas deb hisoblagan oilangizga qarshi chiqishingizdan koʻrinib turibdi. Endi esa, bir kishiga turmushga chiqqan holda, boshqa bir kishi bilan xuddi shu xatti-harakatni takrorlayapsiz!

Biz nomahram jinslar oʻrtasidagi yozishmalar hukmini 34841, 26890 va 23349-raqamli savollar javobida bayon qilganmiz.

Harom munosabatlar haqida esa 1114, 9465, 21933 va 10532-raqamli savollar javobiga qarang.

  1. Koʻrinishidan, sizning kasbingiz nomahram erkaklar bilan aralashish (ixtilot) bilan bogʻliq. Agar bu taxminimiz toʻgʻri boʻlsa, bunday holat gunoh hisoblanadi. Biroq, agar bunday aralashish boʻlmasa yoki ishingiz bank va sugʻurta kompaniyalari kabi shariat harom qilgan sohalarda boʻlmasa, demak siz gunoh qilmayapsiz.

Ibn Qayyim rohimahulloh aytadi:

«Shubhasiz, ayollarning erkaklar bilan aralashishiga imkon berish — barcha balo va yomonliklarning asosidir. Bu umumiy balolar tushishining eng katta sabablaridan biridir, xuddi umumiy va xususiy ishlarning buzilishiga sabab boʻlgani kabi. Erkak va ayollarning aralashishi fahsh va zino koʻpayishiga sabab boʻladi».

«At-Turuq al-Hukmiyya» (407-bet).

Ayol kishining ishlash hukmi va joizlik shartlarini bilish uchun 22397-raqamli savol javobiga qarang.

6666-raqamli savol javobida esa ayollarning aralash ish joylaridagi muhim vasiyatlar berilgan.

  1. Eringizning ruxsatisiz uydan chiqib ketish. Bu ketishingiz uning onasidan eshitganlaringiz va u onasiga qilgan shikoyatiga asoslangan edi. Biroq bu sizga eringizning ruxsatisiz uydan chiqishga huquq bermaydi. Siz eringizdan alohida, mustaqil uy talab qilishga haqli boʻlsangiz-da, nikohning boshida bu huquqdan voz kechib, uning onasi bilan yashashga rozi boʻlgansiz. Hayotiy qiyinchiliklarda unga yordam berishga va qarzlarini toʻlashga rozi boʻlganingizda, uning shartini bajarishga kelishib, buni oʻzlaringizdan boʻlgan ilm va fazilat egalari boʻlmish islomiy qozilar yoki hakamlar orqali majburlashingiz maʼqulroq boʻlardi. Ammo sizning bu harakatingiz va ruxsatsiz chiqib ketishingiz joiz emas. Alloh taolo hatto iddasi davom etayotgan taloq qilingan ayollarning ham uydan chiqishini man etgan ekan, turmush qurgan ayollar haqida nima deyish mumkin?! Alloh taolo shunday deydi:
﴿يَا أَيُّهَا النَّبِيُّ إِذَا طَلَّقْتُمُ النِّسَاءَ فَطَلِّقُوهُنَّ لِعِدَّتِهِنَّ وَأَحْصُوا الْعِدَّةَ ۖ وَاتَّقُوا اللَّهَ رَبَّكُمْ ۖ لَا تُخْرِجُوهُنَّ مِنْ بُيُوتِهِنَّ وَلَا يَخْرُجْنَ إِلَّا أَنْ يَأْتِينَ بِفَاحِشَةٍ مُبَيِّنَةٍ ۚ وَتِلْكَ حُدُودُ اللَّهِ ۚ وَمَنْ يَتَعَدَّ حُدُودَ اللَّهِ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ ۚ لَا تَدْرِي لَعَلَّ اللَّهَ يُحْدِثُ بَعْدَ ذَٰلِكَ أَمْرًا ۝١﴾

«Ey Paygʻambar, qachon sizlar (yaʼni, moʻminlar) ayollaringizni taloq qilsangizlar, ularning iddalarida (yaʼni, poklik paytlarida) taloq qilinglar va idda sananglar! Parvardigorlaringiz boʻlmish Allohdan qoʻrqinglar! (To iddalari tugaguncha) ularni (oʻzlari yashab turgan) uylaridan haydab chiqarmanglar va ular oʻzlari ham chiqib ketmasinlar. Faqat ular ochiq fahsh ishni (yaʼni, buzuqlik yoki behayolik kabi qiliqlarni) qilsalargina, (yashab turgan uylaridan haydab chiqarilurlar). Bu Allohning qonun-chegaralaridir. Kimki Alloh chegaralaridan tajovuz qilib oʻtsa, aniqki, u oʻziga zulm qilibdi. Siz bilmassiz, ehtimol Alloh bu (taloq)dan keyin biron ishni paydo qilar» (Taloq: 1).

  1. Ushbu shariatga xilof ishlarning eng qabihi va eng jirkanchi — oʻsha gunohkor jinoyatchi bilan qilgan harom munosabatingizdir. U oʻzini sizni dunyo muammolaridan qutqaruvchi qilib koʻrsatib, hakim nasihatgoʻy libosini kiygan, yuvosh qoʻzichoq suratida koʻrinib, ichida esa yirtqich boʻri va ayyor tulkining tabiatini yashirgan!!

Qanday qilib bu jinoyatchi siz bilan uchrashishga, gaplashishga, birga oʻtirishga va siz bilan bemalol boʻlishga rozi boʻldi? Hatto u butun pastkashligi va surbetligi bilan siz hali boshqa birovning nikohida boʻla turib, sizga uylanishni taklif qildi! Qizigʻi shundaki, siz birinchi eringiz haqida «u yaxshilik niqobini kiyib olgan edi, men uni tanlaganda koʻr boʻlgan ekanman», dedingiz. Xoʻsh, hozir oʻzingizni koʻzi ochiq deb hisoblaysizmi?! Yoʻq, Allohga qasamki, unday emas. Birinchi eringiz bilan boʻlgan «koʻrligingiz» hozirgisidan yengilroq edi. Unda siz hali nikohlanmagan edingiz, hozir esa eringiz boʻla turib, oʻsha jinoyatchi bilan harom munosabatda boʻldingiz. U siz bilan eringiz orasini buzish, qalbingizni unga nisbatan tosh qilish va uyingizga qaytishni yomon koʻrsatish bilan cheklanmay, ustiga-ustak boshqaning nikohida boʻlgan ayolga uylanish taklifini qoʻshdi.

Qilgan ishingiz shubhasiz haromdir. Bu ish hatto gʻayridinlar nazdida ham jirkanch va past ish sanaladi. Hech bir er oʻz xotinining sizning holatingizda boʻlishiga rozi boʻlmaydi. Birorta aqlli odam — shariat hukmlarini biladigan musulmonni qoʻya turing — uylanishdan oldin oʻz yomon xulqini koʻrsatib qoʻygan bu jinoyatchiga turmushga chiqishingizga rozi boʻlmaydi! Bu siz uchun u bilan yana bir achchiq tajribani boshlamaslikka kifoyadir! U sizning eringizga qilgan ushbu xiyonatingizni (uning oʻzi bilan munosabatda boʻlganingizni) unutadi deb oʻylaysizmi?! U sizga yana shu ishni takrorlamaydi deb ishonadimi?! U bilan aloqani uzishda ikkilanmang, chunki bu bir tomondan harom munosabat boʻlsa, ikkinchi tomondan — bunday qabih va harom ishlarni qilgan odam ishonib boʻladigan er boʻla olmaydi.

Solih erning sifatlarini bilish uchun 5202 va 6942-raqamli savollar javobiga qarang.

Uchinchidan:

Umid qilamizki, pushaymonligingiz va oʻzingizni hisob-kitob qilayotganingiz haqqa qaytishga, yomonlik uchun sizni malomat qiladigan va toatlardagi kamchiliklaringiz uchun koyiydigan nafsi lavvomangiz tirikligiga dalil boʻladi.

Shaytonning izidan ergashishdan saqlaning, chunki u halokatga boshlaydi. Alloh taolo aytadi:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ ۚ وَمَنْ يَتَّبِعْ خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ فَإِنَّهُ يَأْمُرُ بِالْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ ۚ وَلَوْلَا فَضْلُ اللَّهِ عَلَيْكُمْ وَرَحْمَتُهُ مَا زَكَىٰ مِنْكُمْ مِنْ أَحَدٍ أَبَدًا﴾

«Ey moʻminlar, shaytonning izidan ergashmanglar! Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta (shayton) buzuqlik va yomonlikka buyurur. Agar sizlarga Allohning fazlu-marhamati boʻlmasa edi, sizlardan biron kishi (biron gunohdan) pok boʻlmas edi» (Nur: 21).

Pushaymonlik va tavba qilish imkoniyatini boy bermang, insonga na dirham, na dinor, na yaqin doʻst va na shafoatchi foyda beradigan, pushaymonlikdan barmoqlarini tishlaydigan kun kelishidan oldin tavba qiling. Alloh taolo aytadi:

﴿وَيَوْمَ يَعَضُّ الظَّالِمُ عَلَىٰ يَدَيْهِ يَقُولُ يَا لَيْتَنِي اتَّخَذْتُ مَعَ الرَّسُولِ سَبِيلًا ۝٢٧ يَا وَيْلَتَىٰ لَيْتَنِي لَمْ أَتَّخِذْ فُلَانًا خَلِيلًا ۝٢٨ لَقَدْ أَضَلَّنِي عَنِ الذِّكْرِ بَعْدَ إِذْ جَاءَنِي ۗ وَكَانَ الشَّيْطَانُ لِلْإِنْسَانِ خَذُولًا ۝٢٩﴾

«U kunda bu zolim qoʻllarini (barmoqlarini tishlab nadomatlar qilib) der: «E, qaniydi men ham paygʻambar bilan bir yoʻlni tutganimda edi, lim boʻlsin menga, qaniydi men falonchini doʻst tutmaganimda edi, aniqki, menga eslatma — Qurʼon kelganidan soʻng, oʻsha (falonchi) meni yoʻldan ozdirdi». (U kunda) shayton (hayoti dunyoda oʻziga ergashgan barcha) insonni yordamsiz qoʻyguvchidir» (Furqon: 27–29).

Oʻzingizni gunohlardan poklash, diningiz, imoningiz va iffatingizni saqlash uchun quyidagilarga amal qiling:

  1. Namozni oʻz vaqtida xushuʼ va xuzuʼ bilan ado etish.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ: أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللهِ ﷺ يَقُولُ: «أَرَأَيْتُمْ لَوْ أَنَّ نَهَرًا بِبَابِ أَحَدِكُمْ، يَغْتَسِلُ فِيهِ كُلَّ يَوْمٍ خَمْسًا، مَا تَقُولُ: ذَلِكَ يُبْقِي مِنْ دَرَنِهِ. قَالُوا: لَا يُبْقِي مِنْ دَرَنِهِ شَيْئًا، قَالَ: فَذَلِكَ مِثْلُ الصَّلَوَاتِ الْخَمْسِ، يَمْحُو اللهُ بِهِ الْخَطَايَا».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Aytinglar-chi, birortangizning eshigi oldida bir anhor boʻlsa-yu, unda har kuni besh mahal yuvinib tursa, kirini qoldiradimi, nima deysiz?» dedilar. «Uning kiridan hech narsa qoldirmaydi», deyishdi. «Mana shu besh vaqt namoz kabidir. Alloh ular bilan xatolarni oʻchiradi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 528; Sahihi Muslim, 667).

  1. Allohga toatda boʻlgan mustaqima ayollardan iborat solih hamrohlar bilan boʻlish.
عَنْ أَبِي مُوسَى ﵁ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: «مَثَلُ الْجَلِيسِ الصَّالِحِ وَالْجَلِيسِ السَّوْءِ، كَمَثَلِ صَاحِبِ الْمِسْكِ وَكِيرِ الْحَدَّادِ، لَا يَعْدَمُكَ مِنْ صَاحِبِ الْمِسْكِ: إِمَّا تَشْتَرِيهِ أَوْ تَجِدُ رِيحَهُ، وَكِيرُ الْحَدَّادِ: يُحْرِقُ بَدَنَكَ أَوْ ثَوْبَكَ، أَوْ تَجِدُ مِنْهُ رِيحًا خَبِيثَةً».

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Solih suhbatdosh bilan yomon suhbatdosh mushk sohibi bilan temirchining dam urgichiga oʻxshaydi. Mushk sohibidan quruq qaytmaysan – yo uni (mushkni) sotib olasan, yo (goʻzal) iforini tuyasan. Temirchining dam urgichi esa badaningni yoki kiyimingni kuydiradi yoxud undan noxush hid tuyasan» (Sahihi Buxoriy, 2101; Sahihi Muslim, 2628).

Imom Navaviy rohimahulloh aytadi:

«Bu hadisda solihlar, yaxshilik, muruvvat, goʻzal xulq, varoʻ (taqvo), ilm va odob ahli bilan oʻtirishning fazilati, hamda yomonlik ahli, bidʼat ahli, odamlarni gʻiybat qiluvchilar, fojirligi va bekorchiligi koʻp boʻlganlar kabi mazammat qilingan toifalar bilan oʻtirishdan qaytariq bor» («Sharh Muslim», 16/178).

  1. Qoʻshiq, musiqa asboblari va harom koʻngilochar narsalarni eshitmaslik.

Alloh taolo aytadi:

﴿وَمِنَ النَّاسِ مَنْ يَشْتَرِي لَهْوَ الْحَدِيثِ لِيُضِلَّ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ بِغَيْرِ عِلْمٍ وَيَتَّخِذَهَا هُزُوًا ۚ أُولَٰئِكَ لَهُمْ عَذَابٌ مُهِينٌ ۝٦ وَإِذَا تُتْلَىٰ عَلَيْهِ آيَاتُنَا وَلَّىٰ مُسْتَكْبِرًا كَأَنْ لَمْ يَسْمَعْهَا كَأَنَّ فِي أُذُنَيْهِ وَقْرًا ۖ فَبَشِّرْهُ بِعَذَابٍ أَلِيمٍ ۝٧﴾

«Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular bilimsizlik bilan (oʻzgalarni) Allohning yoʻlidan ozdirish uchun va u (yoʻlni) masxara qilish uchun behuda soʻz(lar)ni (musiqani) sotib olur. Ana oʻshalar uchun xor qilguvchi azob bordir. Qachon unga Bizning oyatlarimiz tilovat qilinsa, goʻyo ularni eshitmagandek, goʻyo quloqlarida ogʻirlik-karlik bordek kibru-havo bilan yuz oʻgirib ketur. Bas, unga alamli azob haqida “xushxabar” berib qoʻying!» (Luqmon: 6-7).

Ibn Qayyim rohimahulloh aytadi:«Qoʻshiq aytuvchilar va uni tinglovchilar Qurʼon oʻrniga qoʻshiqqa qanchalik koʻp eʼtibor qaratsa, shunchalik koʻp malomat oladilar… Buning sababi shundaki, qoʻshiq va musiqa asboblari bilan mashgʻul boʻlgan holda ilm va amal jihatidan hidoyat yoʻlidan ozmagan birorta kishini koʻrmaysiz. Bunday odam Qurʼondan koʻra musiqani tinglashga koʻproq moil boʻladi, hatto unga ham musiqa, ham Qurʼon taqdim etilsa, birini ikkinchisidan afzal koʻradi. Uning Qurʼon tinglashi qiyin boʻladi, baʼzida esa holati uni qorining ovozini oʻchirishga, uning qiroatini uzun deb hisoblashga, qoʻshiqchining navbatini uzaytirishga va qoʻshiqchining vaqtini qisqa deb his qilishga undaydi» («Igʻosat al-Lahfon», 1/240-241).

Soʻnggi soʻz:

Shayx Solih Favzon hafizahulloh aytadilar:

«Musulmon kishi gunohlardan tavba qilishi va Alloh taoloning buyrugʻiga boʻysunish hamda oʻzini Allohning azobi va gʻazabidan qutqarish uchun bunga shoshilishi vojibdir. Nafs va shaytonga boʻysunib, maʼsiyatda davom etishi yoki tavbani kechiktirishi joiz emas. Odamlarning malomatiga qaramasligi kerak, balki odamlardan emas, Allohdan qoʻrqishi vojibdir. Agar ular maʼsiyat qilayotgan boʻlsalar ham, ularga ergashishi joiz emas. Shuningdek, ahlini ham tavba qilishga majburlashi vojibdir, chunki Alloh taolo:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ﴾

«Ey moʻminlar, sizlar oʻzlaringizni va ahli-oilalaringizni oʻtini odamlar va toshlar boʻlgan doʻzaxdan saqlangiz!» (Tahrim: 6) deb buyurgan. Alloh azza va jallaning gʻazabi keladigan ishlarda ularga yon bosmasligi kerak» («Al-Muntaqo min fatava al-Favzon», 2/293).

Alloh yaxshiroq biluvchidir.

Manba: Islom: savol va javob.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Internet – Islom mezonida

    Yaqinda Alloh menga Oʻz jannatiga yoʻl ochdi va men musulmon boʻldim. Men Islomning internet haqidagi qarashini bilmoqchiman. Internet xizmatlarini taqdim etuvchi Microsoft kompaniyasiga sarmoya kiritmoq istagim bor. Maʼlumki, internetdan nimani koʻrish foydalanuvchining oʻz ixtiyorida: yalangʻoch ayollarning suratlarimi yoki foydali maʼlumotlarmi?! Biroq, men shuni bilamanki, Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi internet foydalanuvchilarining 60 foizi tarmoqdan nooʻrin web-saytlarni koʻrish uchun foydalanadi.
  • Imtiyozli davlat fuqaroligini olish uchun nasl-nasabni o‘zgartirish

    Inson afzalliklarga ega bo‘lgan davlatning fuqaroligini olish uchun o‘z nasabini o‘zgartirishining hukmi qanday? Masalan, ma’lum bir davlatning fuqaroligi bor amakisiga o‘zini farzand, yo uka, yoki tog’a, yoki boshqa qarindosh ekanligini da’vo qilishi mumkin. Shu orqali u o‘sha fuqarolikni va bu bilan bog‘liq barcha imtiyozlarni qoʻlga kiritadi. Holbuki, uning hech qanday muammosi yoʻq va o‘z fuqaroligi hamda tegishli hujjatlari mavjud. U bu ishni faqat moddiy manfaatlar yo‘lida qilyapti. Bu ishning hukmi qanday?