Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Fatvo: 2202

O'qildi: 113

12.12.2025

/ 21 Jumadal-oxira 1447

Fatvo mavzusi:

Oisha onamizning nikohlari

Savol

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Oisha roziyallohu anhoga uylanishlari haqida savol bermoqchiman. Bilishimcha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tushlarida Oisha roziyallohu anhoga uylanishlarini ko‘rganlar. Bu Alloh taolo u zotga shunday qilishni buyurganini anglatadi. O‘shanda Oisha roziyallohu anho 6 yoki 7 yoshda edi. Agar bu ma’lumot to‘g‘ri bo‘lsa, demak bizda mantiqiy javob bor. Ammo, buni tasdiqlovchi Qur’on oyati yoki biron hadis bormi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Savolingizda aytilgan hadisni Imom Buxoriy rahimahulloh o‘zining «Sahih»ida rivoyat qilgan:

 عَنْ عَائِشَةَ ﵂، «أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ قَالَ لَهَا: أُرِيتُكِ فِي الْمَنَامِ مَرَّتَيْنِ، أَرَى أَنَّكِ فِي سَرَقَةٍ مِنْ حَرِيرٍ، وَيَقُولُ: هَذِهِ امْرَأَتُكَ، فَاكْشِفْ عَنْهَا، فَإِذَا هِيَ أَنْتِ، فَأَقُولُ: إِنْ يَكُ هَذَا مِنْ عِنْدِ اللهِ يُمْضِهِ».

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Tushimda menga ikki marta ko‘rsatilding. Bir bo‘lak asl ipak matoga o‘rab qo‘yilganingni ko‘rardim. Kimdir: «Bu sening ayoling, uning yuzini och», der edi. Qarasam, sen ekansan. Shuning uchun: «Agar bu (tushim) Allohning huzuridan bo‘lsa, uni ro‘yobga chiqaradi», deb yurardim» (Sahihi Buxoriy, 3895).

Ibn Hajar rahimahulloh «Fathul Boriy»da ushbu hadisni sharhlab, bu tush payg‘ambarlikdan keyin ko‘rilganini va u vahiy qilingan, ta’birga ega tush (ta’biri Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning keyinchalik unga uylanishlari) ekanini aytganlar. «Qarasam, sen ekansan», degan so‘zlarining zohiridan shu tushuniladi-ki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilgari Oisha onamizni ko‘rganlar va uni tanir edilar», deganlar.

Hadis Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning nikohi o‘sha tush orqali amalga oshganiga dalolat qilmaydi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hamma qatori Oisha onamizning otasidan qizining qo‘lini so‘radilar. Abu Bakr roziyallohu anhu esa nikohlab berganlar. Bunga quyidagi hadis dalolat qiladi:

عَنْ عُرْوَةَ، «أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ خَطَبَ عَائِشَةَ إِلَى أَبِي بَكْرٍ، فَقَالَ لَهُ أَبُو بَكْرٍ: إِنَّمَا أَنَا أَخُوكَ، فَقَالَ: أَنْتَ أَخِي فِي دِينِ اللهِ وَكِتَابِهِ وَهِيَ لِي حَلَالٌ».

Urvadan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abu Bakrdan Oishaning qo‘lini so‘radilar. Abu Bakr u zotga: «Men sizning birodaringizman-ku?» dedi. U zot: «Sen Allohning dini va Kitobida birodarimsan. U menga halol», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 5081).

Ibn Hajar rahimahulloh sharhda shunday degan: Ibn Abu Osim Yahyo ibn Abdurahmon ibn Hotibdan, u esa Oishadan rivoyat qiladi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Xavla bint Hakamni Abu Bakrga Oishaning qo‘lini so‘rash uchun yubordi. Abu Bakr unga: «Qizim unga (ya’ni Payg‘ambarga) to‘g‘ri keladimi? U faqat birodarining qizi-ku», dedi. Havla qaytib buni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga aytdi. U zot: «Qayt va Abu Bakrga: «Siz Islomdagi birodarimsiz, qizingiz esa menga to‘g‘ri keladi», deb ayt», dedilar. U Abu Bakrga borib buni aytdi. U esa: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni chaqir», dedi. U zot keldilar va Abu Bakr Oishani u zotga nikohlab berdi».

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning javobidagi: «Siz Allohning dini va Kitobida birodarimsiz», degan so‘zlari Alloh taoloning:

﴿إِنَّمَا ٱلۡمُؤۡمِنُونَ إِخۡوَة﴾

«Mo‘minlar hech shak-shubhasiz, og‘a-inilardir» (Hujurot: 49) degan so‘ziga ishoradir. «U menga haloldir» degani esa, u birodarimning qizi bo‘lsa-da, men uchun nikohi haloldir, deganidir. U zot bu birodarlik nikohga to‘sqinlik qiladigan nasab va emizish birodarligi emasligini aytganlar.

Ammo Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Alloh taolo tarafidan osmonda bog‘langan nikohlari bu Zaynab binti Jahsh roziyallohu anho bilan nikohlaridir. Buni Anas roziyallohu anhuning hadisida ko‘rsak bo‘ladi:

عَنْ أَنَسٍ قَالَ: «فَكَانَتْ زَيْنَبُ تَفْخَرُ عَلَى أَزْوَاجِ النَّبِيِّﷺ تَقُولُ: زَوَّجَكُنَّ أَهَالِيكُنَّ، وَزَوَّجَنِي اللهُ تَعَالَى مِنْ فَوْقِ سَبْعِ سَمَاوَاتٍ»

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Zaynab Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalariga faxrlanib, «Sizlarni (Rasulullohga) ahlingiz nikohlab bergan. Meni esa Alloh taolo yetti qat osmon ustidan (Rasulullohga) nikohlagan», der edi» (Sahihi Buxoriy, 7420).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizdan boshqa ayollariga bunday xos tarzda uylanmaganlar. Oisha onamizning nikohi masalasidagi javobimiz esa yuqorida aytib o‘tildi. Bu savolingiz uchun Alloh sizga yaxshilik ato etsin, aziz birodarim!

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

3

O’xshash fatvolar