Alloh taologa hamd-u sanolar, Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo’lsin.
Aziz o’quvchi! Maʼlumingizki, o’zbekzabon musulmonlar dunyo bo’ylab millionlab kishilarni o’z ichiga oladi. Ammo sobiq sovet tuzumining yillar davomida dindor qatlamni qatagʻon qilish, olimlarni qamash va oʻldirish, oddiy xalqni dinsizlashtirish siyosati hamda mustaqillikdan keyin ham bu holatning ko’p jihatdan o’zgarmaganligi natijasida bir paytlar ilm maskani bo’lgan Movarounnahr, Buxoriylar va Termiziylar yurti bilimsizlik dardiga duchor bo’ldi.
Dunyoviy sohalardagi bilimsizlik bu xalqni qullikka yetaklasa, diniy masalalardagi bilimsizlik ko’pchilikning ham dunyosini, ham oxiratini vayron qildi. Dunyo – besh kunlik mehmonxona. Ammo abadiy manzilimiz – oxiratning vayron bo’lishi, butun millat uchun qayta tiklab bo’lmaydigan yo’qotishdir.
Bu xalqning ibodat, ilm, tijorat va oilaviy hayotga doir savollari juda ko’p. Afsuski, ularga aniq va to’g’ri javob bera oladigan malakali ulamolarni topish oson emas. Shubhasiz, millatimiz orasida oz bo’lsa-da, xalqiga, millatiga va diniga chin dildan xizmat qilayotgan, haqiqiy rabboniy olimlar bor. Ammo ularning soni millionlab ilmga chanqoq musulmonlarning ehtiyojini to’liq qondirishga yetmaydi.
Xalqimizning ilmga bo’lgan keng ehtiyojini qondirishga va savollariga javob berishga quyidagi omillar toʻsqinlik qilmoqda:
- Jamiyatda haqiqiy rabboniy olimlarning juda kamligi;
- Ba’zi olimlarning fatvo masalasida Allohning huzuridagi mas’uliyatdan qo’rqishlari;
- Din peshvolariga hokimiyat va jamiyat tomonidan bosimlar;
- Savol-javoblar uchun qulay platformalarning yo’qligi va hokazo.
Ushbu muammolar natijasida millionlagan xalqning:
- Bir toifasi shariat qoidalarini bilmay harakat qilib, ko’plab achinarli xatolarga yo’l qo’yayotgan bo’lsa,
- Boshqa bir toifa bilimsiz kishilarga murojaat qilib, noto’g’ri javoblar va maslahatlar olmoqda.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: «Alloh ilmni bandalaridan birdaniga tortib olmaydi, balki uni ulamolarning jonini olish orqali olib qo’yadi. Nihoyat, birorta olimni qoldirmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin (odamlar) ulardan soʻraydi, ular esa ilmsiz ravishda fatvo berishadi. Natijada (oʻzlari) adashadilar va (boshqalarni ham) adashtiradilar» (Sahihi Buxoriy, 100-hadis).
Ko’pchiligimiz deyarli har kuni bu hadisning amaliy misollariga guvoh bo’lyabmiz. Bugun ilmsiz kishilarni o’ziga boshliq qilib olish shu qadar avjiga chiqdiki, haqiqiy soha vakillari qolib, johillarning, soxta psixologlar va motivatorlarning oshig’i olchi bo’lmoqda.
Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun bir guruh ulamolar boshchiligida, zamonamizning yetuk allomasi, Shayx Muhammad Solih Munajjid hafizahulloh asos solgan «IslamQA.info» sahifasidagi savol-javoblarni o’zbek tilida taqdim etishga qaror qildik.
1998-yilda asos solingan ushbu sahifa bugungi kunga qadar, dunyo bo’ylab 17 xil tilda shar’iy hukmlarni ulashib kelmoqda.
Arab tilidan ingliz, fors, yapon, xitoy, uyg’ur, fransuz, ispan, indonez, nemis, portugal, hind, urdu, rus, turk, bengal va hatto tojik tillariga tarjima qilingan fatvolardan ushbu tillarda so’zlashuvchi kishilar yillar davomida keng ko’lamda foydalanib kelmoqdalar.
Afsuski, o’zbekzabon ummat hanuzgacha bu imkoniyatdan bebahra qolmoqda.
Bu sahifa savollarga dalillar asosida batafsil javob berishi bilan boshqa sahifalardan ajralib turadi. Shuningdek, u faqat arablar orasida keng tarqalgan Hanbaliy yoki Shofeiy mazhablarinigina emas, balki Hanafiy, Molikiy mazhabi hamda yangi, zamonaviy masalalarda boʻlgani kabi bugungi kundagi ummat tan olgan olimlarning turli qarashlarini ham qamrab oladi.
Uning yana bir o’ziga xos jihati — javoblari faqat arab diyorlari sharoitiga emas, balki dunyoning turli mintaqalariga mos keladi.
Maqsadimiz – so’nggi 27 yil mobaynida yuborilgan 500 mingdan ortiq savoldan eng dolzarb 33 ming savolni tanlab, ularning javoblarini o’zbek tilida taqdim etish.
Ushbu masalalar inson hayotining turli jabhalarini qamrab oladi:
- Aqida — e’tiqod va tavhid asoslari;
- Ibodat — namoz, ro’za, zakot, haj va umraga oid masalalar;
- Oilaviy munosabatlar — nikoh, taloq, farzand tarbiyasi, er-xotin, qaynota-qaynona o’rtasidagi munosabatlar;
- Ayollarga xos masalalar — ayollarning jamiyatdagi o’rni, turmush, mehnat faoliyati, kiyinish va ziynatlanish qoidalari;
- Biznes va moliya — savdo, ribo, investitsiya, kriptovalyuta, treyding va boshqa zamonaviy mavzular;
- Tibbiyot sohasi — dori-darmon, tibbiy muolajalar va salomatlikka oid boshqa masalalar;
- Zamonaviy yo’nalishlar — texnologiya, bioetika, internet, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa dolzarb savollarga javoblar.
Ilmiy omonatni ado etish maqsadida, javoblarda quyidagi ma’lumotlar aniq va tartibli ravishda bayon etiladi:
- Iqtibos keltirilgan barcha manbalar;
- Qur’on oyatlari va hadislarning arabcha matnlari;
- Hadislarning sahih yoki zaif ekanligi;
- Olimlarning so’zlari, kitob nomi va sahifa raqamlari;
- Fatvoning asl manbasiga havolalar.
Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida, fatvolar quyidagi formatlarda taqdim etiladi:
- Rasmiy fatvolar.com web-sahifasida — kirill va lotin alifbosida;
- Telegramda @fatvolar va @fatvolaruz kanallari orqali;
- Audio formatda;
- YouTube va Facebook orqali matnli videoko’rinishda berib boriladi.
Shuningdek, foydalanuvchilar diniy bilimlarini uzluksiz boyitib borishlari uchun, savol-javoblar turli mavzularga ajratilib, yangi postlar orqali kunlik qoʻyib boriladi.
Xulosa qilib aytganda:
Bu loyiha — ulkan yo’lning ilk qadami, xayrli rejalarimizning boshlanishidir.
Alloh taolodan tavfiq va madad so’ragan holda, bu loyiha ummatimiz va millatimiz manfaatini ko’zlagan holda yanada takomillashtirib boramiz.
Buxoriy va Termiziylar avlodi — ajdodlarining ilmiy merosiga eng haqli kishilardir.
Bu ummat din va ilm bilan aziz bo’lgan.
Kim dunyo va oxiratda izzat va baxt-saodat istasa, din yo’lida va ilm yo’lida mustahkam tursin, olimlarga ergashsin va dinini ilm asosida mahkam tutsin.
Alloh taolodan, Bizga ato etgan ilmlarini foydali qilishini, Foydali bilimlarni o’rgatishini hamda Ilmimizni ziyoda qilib, amalda tatbiq etishga muvaffaq aylashini so’raymiz.
Yangiliklardan xabardor bo’lish uchun kanallarimizga hoziroq obuna bo’ling va yaqinlaringizga ulashing!